Asosiy qismga o‘tish

UZRU

O‘rnatish va talablar

RASTA brauzerda ishlaydi: kassa, ombor va hisobotlar uchun alohida dastur o‘rnatilmaydi. Quyida — qayerda ishlatish mumkinligi, kassaga qanday kompyuter kerakligi va qaysi qurilmalar ulanadi.

Qayerda ishlaydi

Bulut

SoftDoc serverida

  • Server sotib olish shart emas — do‘kon kompyuterida faqat brauzer.
  • Masofadan ulaymiz, yangilanish va zaxira nusxa — bizning zimmamizda.
  • Do‘konda barqaror internet kerak.
  • Har bir mijozga alohida baza, ulanish HTTPS orqali shifrlangan.
Lokal

O‘z serveringiz yoki kompyuteringizda

  • Baza do‘koningizda turadi — kassa ichki tarmoqda internetsiz ishlaydi.
  • O‘rnatish va sozlashni SoftDoc bajaradi; server talablarini do‘kon hajmiga qarab oldindan aytamiz.
  • Server, UPS (uzluksiz quvvat manbai) va zaxira nusxani saqlash — do‘kon zimmasida.
  • Dastur kuniga bir marta faqat litsenziya signalini yuboradi — savdo ma’lumoti yuborilmaydi.

Kassa kompyuteri

  • Google Chrome brauzeri (yoki Chromium asosidagi boshqa brauzer, masalan Edge) — doim so‘nggi versiyasi.
  • Windows 10/11 yoki Linux o‘rnatilgan oddiy kompyuter, noutbuk yoki POS-monoblok.
  • Ekran kengligi 1280 px va undan katta; sensorli ekran ham ishlaydi.
  • Qurilmalar uchun bo‘sh USB portlar (printer, skaner) yoki LAN tarmoq.
  • Ombor, hisobot va boshqaruv sahifalari telefon va planshet brauzerida ham ochiladi.

Ulanadigan qurilmalar

Bitta modelga bog‘lanmaymiz — qurilmani byudjetingizga qarab olasiz, sozlamada uning o‘lcham va formatini tanlaysiz. Sotib olishdan oldin modelni bizga yuborsangiz, mosligini aytamiz.

Shtrix tarozi

CAS, Rongta, Aclas, DIGI, Mettler Toledo va boshqalar. Tarozi vaznli tovarga EAN-13 etiketka bosadi (prefiks 20–29), kassa uni skanerlab vazn yoki summani o‘zi ajratadi. PLU ro‘yxati dasturdan CSV/Excel’ga eksport qilinadi.

Chek printeri

Termal 58 yoki 80 mm: XPrinter, Rongta, HPRT, Gprinter, Epson va boshqalar. USB yoki LAN orqali, ishlab chiqaruvchi drayveri o‘rnatiladi; chek brauzer orqali chop etiladi.

Etiketka printeri

Narx va shtrix-kod etiketkalari uchun: XPrinter XP-365B, Rongta, Zebra, TSC, Godex va boshqalar. Etiketka o‘lchami (masalan 40×30, 58×40 mm) sozlamada tanlanadi.

Pul qutisi

Chek printeriga (RJ11 kabel) ulanadi. Printer drayverida «chop etishda qutini ochish» yoqiladi — quti chek chiqqanda ochiladi.

Shtrix-kod skaneri

Har qanday USB skaner klaviatura rejimida (HID): qo‘shimcha drayver kerak emas. Simsiz skanerlar ham shu rejimda ishlaydi.

Mijoz ekrani

Kassaga ulangan ikkinchi monitor: xaridor tovar, narx va jami summani ko‘rib turadi. Ikki ekranli POS-monobloklar ham mos.

Omborchi uchun Android ilova

Telefon kamerasi bilan shtrix-kod skanerlab: kirim, boshlang‘ich qoldiq, inventarizatsiya (sanoq), omborlar orasida ko‘chirish va hisobdan chiqarish. Internet uzilsa ham yozib boradi, ulanganda sinxronlaydi. Ilova sinov bosqichida.

APK fayl, taxminan 44 MB.

Qanday o‘rnatiladi

  1. Telefonda shu sahifani oching va «Ilovani yuklab olish» tugmasini bosing.
  2. Yuklab bo‘lingach, bildirishnomadagi yoki «Yuklanmalar» papkasidagi faylni oching.
  3. Telefon «noma’lum manbadan o‘rnatish» haqida so‘rasa: Sozlamalar → shu brauzer (masalan Chrome) → «Bu manbadan ruxsat berish»ni yoqing va orqaga qayting.
  4. «O‘rnatish»ni bosing. Google Play Protect ogohlantirsa — «Baribir o‘rnatish».
  5. Ilovani oching va administrator RASTA’da Sozlamalar → Telefon ulash sahifasida ko‘rsatgan QR kodni skanerlang, so‘ng loginingiz bilan kiring.

Ilova faqat shu sahifadagi rasmiy havoladan yuklansin. Boshqa joydan olingan APK faylni o‘rnatmang.